Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 2-martdagi “Yoshlar va pedagog xodimlarning xorijda taʼlim olishlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan:

2026-2027-oʻquv yilidan boshlab:
➖ xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar reytingida yuqori TOP-300 talik roʻyxatga kirgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarida toʻlov-kontrakt asosida oʻqish istagidagi yoshlar va pedagog xodimlarga bir oʻquv yili uchun 20 ming AQSH dollarigacha boʻlgan miqdorda taʼlim krediti ajratish tizimi joriy etiladi;
Qaror bilan tasdiqlangan “Xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarida oʻqish istagidagi yoshlar va pedagog xodimlarga taʼlim kreditini ajratish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga koʻra:
➖ mazkur taʼlim krediti QS (Quacquarelli Symonds) yoki TNE (TheTimes Higher Education) xalqaro reyting tashkilotlarining TOP-300 talik roʻyxatiga kiritilgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari boʻlgan yoshlar (30 yoshdan oshmagan, shu jumladan, 30 yoshda boʻlgan) va pedagog xodimlarga banklar tomonidan bakalavriat hamda magistratura dasturlarida taʼlim olishlari uchun ajratiladi;
➖ taʼlim kreditining asosiy qarzi talabaning rasmiy oʻqish muddati tugagandan soʻng yettinchi oydan boshlab 7 yil davomida qaytariladi;
➖ kredit oluvchi taʼlim kreditini olish uchun bankka tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda ariza bilan murojaat qiladi;
➖ ushbu hujjatlar bank tomonidan besh ish kuni ichida koʻrib chiqiladi va taʼlim krediti shartnomasini imzolash yoki kredit berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.



