Amir Temur xotirasiga yuksak ehtirom koʻrsatildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi Amir Temur xiyoboniga tashrif buyurib, ulugʻ vatandoshimiz, mashhur davlat arbobi, yengilmas sarkarda, ilm-fan, madaniyat va sanʼat homiysi Sohibqiron Amir Temur haykali poyiga gulchambar qoʻydi.
Shu kunlarda Vatanimizda katta bayram, katta shodiyona – Amir Temur bobomizning 690 yilligi keng nishonlanmoqda. Bu qutlugʻ sana munosabati bilan mamlakatimizda koʻplab maʼnaviy-maʼrifiy, ilmiy va madaniy tadbirlar oʻtkazilmoqda.
Amir Temur XIV asrda, gʻoyat murakkab bir davrda yurtimiz hududida milliy davlatchilikni qayta tiklab, Vatan ozodligi yoʻlida ulkan jasorat koʻrsatgan buyuk tarixiy shaxsdir. U asos solgan qudratli saltanat jahon sivilizatsiyasi tarixida oʻchmas iz qoldirgan. Sohibqironning hayoti va faoliyati salkam yetti asrdan buyon dunyo olimlari tomonidan katta qiziqish bilan oʻrganib kelinmoqda. Turli mamlakatlarda Amir Temur va temuriylarga bagʻishlab minglab badiiy, ilmiy va sanʼat asarlari yaratilgani, bu ishlar bugun ham davom etayotgani uning tarixiy siymosi va merosi nechogʻliq beqiyos ekanidan dalolat beradi.
Xalqimiz muqaddas yurtimiz zaminidan shunday ulugʻ zot yetishib chiqqani bilan doimo faxrlanib, gʻururlanib yashaydi. Ayniqsa, bugungi kunda – Yangi Oʻzbekiston sharoitida Amir Temur va temuriylar tarixi va merosini chuqur oʻrganish har qachongidan ham katta ahamiyat kasb etmoqda. Bu shonli sulola tomonidan yaratilgan temuriylar Renessansi mamlakatimizda yangi Uygʻonish davri poydevorini yaratishda xalqimiz uchun ishonch, ilhom va kuch-gʻayrat manbai boʻlib xizmat qilmoqda.
Amir Temurning “Kuch – adolatda”, “Adolat bilan jahon gulshani obod boʻladi” degan dono oʻgitlari bugun yurtimizda ijtimoiy davlat barpo etish, inson qadrini ulugʻlashga qaratilgan keng koʻlamli islohotlarda oʻziga xos dastur va amaliy qoʻllanma boʻlib xizmat qilmoqda. Shu maʼnoda, Sohibqiron merosi nafaqat xalqimizning shonli oʻtmishi, balki bugungi taraqqiyotimiz va kelajak maqsadlarimiz bilan ham uzviy bogʻliqdir.
Keyingi yillarda mamlakatimizda Amir Temur va temuriylar merosini chuqur oʻrganish, uni yurtimiz va xalqaro miqyosda keng targʻib etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu maqsadda Amir Temurning 690 yilligi munosabati bilan alohida qaror qabul qilinib, keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, har yil aprel oyini mamlakatimizda Amir Temur oyligi sifatida oʻtkazish belgilandi. Ijodkorlar tomonidan yangi ilmiy va badiiy kitoblar, film va spektakllar, tasviriy sanʼat asarlari yaratilmoqda. Xususan, mashhur “Temur tuzuklari” asari yangitdan nashr etildi. Yurtimizda ulugʻ bobomiz nomi bilan atalgan davlat mukofotlari, maydon va xiyobonlar, taʼlim va madaniyat maskanlari mavjud. Hududlardagi “Temurbeklar maktablari” esa yoshlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashda oʻziga xos namuna boʻlib xizmat qilmoqda.
Shu kunlarda poytaxtimizda Amir Temur va temuriylar Renessansiga bagʻishlangan nufuzli xalqaro konferensiya oʻtkazilayotgani ham ushbu ezgu ishlar izchil va tizimli davom etayotganining yorqin tasdigʻidir. Unda yurtimiz olimlari bilan bir qatorda dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan atoqli tarixchilar, shoir va adiblar, madaniyat va jamoat namoyandalari ishtirok etmoqda.
Bugun mamlakatimizda Sohibqiron oʻgitlariga amal qilib, adolatli davlat qurish, muhtojlarga yordam berish, yoshlar, xotin-qizlar va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash, ilm-maʼrifat va bunyodkorlikni rivojlantirish, dunyoga ochiq boʻlib, turli mamlakatlar bilan hamkorlik qilishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Bu jihatlar ham Amir Temur merosining bugungi hayotimizdagi dolzarb ahamiyatini yaqqol namoyon etadi.
Oʻzligimizni anglash, boy tariximizni tiklash va ajdodlarimiz merosini kelajak avlodga yetkazish maqsadida keyingi yillarda yirik maʼnaviy-maʼrifiy maskanlar barpo etildi. Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqandda Imom Buxoriy majmuasi bunyod etildi. Shular qatorida bundan 30 yil oldin qurilgan Temuriylar tarixi davlat muzeyi ham zamonaviy talablar asosida tubdan qayta taʼmirlandi. Endi ushbu maskan ilm-u maʼrifat, innovatsion tafakkur, yangi gʻoyalar va tadqiqotlar markaziga aylanmoqda. Bu yerda barcha zarur sharoitlar yaratilgan boʻlib, mazkur dargoh el-yurt, ayniqsa, yosh avlodni milliy gʻurur va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.
Tadbir davomida Amir Temur xotirasiga yuksak ehtirom koʻrsatilib, haykali poyiga gullar qoʻyildi.
Maʼlumki, Sohibqiron Amir Temur qayerda boʻlmasin, bogʻ-u rogʻlar barpo etishga, har bir qarich yerni obod qilishga katta ahamiyat qaratgan. Ana shu bunyodkor anʼanalarning uzviy davomi sifatida Amir Temur xiyobonida ham katta obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Tadbir yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev xiyobonda koʻchat ekdi.



