Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Temur Komilov Avstriyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Mattias Rodostich boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi
Unda tomonlar O‘zbekiston va Avstriya o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlikning bugungi holati hamda istiqboldagi yo‘nalishlar yuzasidan fikr almashishdi.
Muloqot chog‘ida xususan, xorijiy hamkorlar bilan birgalikda olib borilayotgan loyihalar, ta’lim muassasalarini qurish va rekonstruksiya qilish, zamonaviy infratuzilmalar hamda yangi o‘quv o‘rinlarini tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.
O‘z navbatida, elchi Mattias Rodostich O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, ta’lim sohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar xalqaro hamjamiyat tomonidan katta qiziqish bilan kuzatilayotganini ta’kidladi.
➖ Shuningdek, tomonlar ta’lim sohasida o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, Avstriyaning “ILF Consulting Engineers Austria GmbH” kompaniyasi bilan hamkorlikda ijtimoiy soha muassasalarida energiya samaradorligini oshirish, mazkur yo‘nalishda ilg‘or xalqaro tajribani joriy etish yuzasidan fikr almashishdi.




