Xitoy bilan ta'lim sohasidagi hamkorlik kengaymoqda

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Eʻzoza Karimova rahbarligidagi delegatsiya vakillarining Xitoy Xalq Respublikasidagi uchrashuvlari davom etmoqda.
Tashrifning uchinchi kuni Shanxay shahrida soha istiqbolini belgilovchi strategik kelishuvlar va nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan muloqotlarga boy bo‘ldi.
Xususan, YUNESKOning II toifali “O‘qituvchilar taʼlimi markazi” (TEC) bosh direktori Chjan Minxsyuan bilan muloqot bo'lib o'tdi.
Unda Toshkent shahrida YUNESKO shafeligi ostidagi II-toifali “Maktabgacha taʼlimni rivojlantirish mintaqaviy markazi”ni tashkil etish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolashga va poytaxtimizda pedagoglarning professional rivojlanishiga xizmat qiluvchi “Pedagog maqomini yuksaltirish qo‘shma markazi” tashkil etilishi bo‘yicha kelishib olishdi.
➖ Shuningdek, Syaoshan tumanidagi davlat innovatsion bog‘chasi faoliyati o‘rganildi. Unda raqamlashtirish tizimlari va o‘yin orqali o‘qitish metodikalarini maktabgacha ta’lim muassasalarimizga tatbiq etish masalalari tahlil qilindi.
Eng muhim yangiliklardan biri — 2026-yil sentabr oyidan boshlab o‘qituvchi va talabalar uchun qisqa muddatli xalqaro almashinuv dasturlarining yo‘lga qo‘yilishi bo‘ldi. Bu tizim kadrlarimizning xalqaro tajriba almashish ko‘lamini kengaytirishga xizmat qiladi.
Tashrif doirasida Shanxay pedagogika universiteti va Sharqiy Xitoy pedagogika universiteti bilan sunʼiy intellekt hamda xitoy tili o‘qituvchilarini tayyorlash bo‘yicha qo‘shma dasturlarni amalga oshirish belgilandi.
Shuningdek, “O‘zbek-Xitoy pedagogik oliy taʼlim muassasalari” alyansining tashkil etilishi ikki mamlakat ta’lim tizimlarini o‘zaro yaqinlashtiruvchi poydevor bo‘lib xizmat qiladi.



