Vazir soati: 1-sinfga qabul, “Muxlislar maydoni” loyihasini tashkil etish, hududlarda soha faoliyati targ‘iboti bo‘yicha olib borilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirish

Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Eʼzoza Karimova boshchiligida yangi oʻquv yilida bolalarni 1-sinfga qabul qilish, “Muxlislar maydoni” loyihasini yanada takomillashtirish hamda hududlarda soha faoliyati targʻiboti boʻyicha olib borilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirish masalalariga bagʻishlangan navbatdagi “Vazir soati” boʻlib oʻtdi.
Unda vazir oʻrinbosarlari, vazirlik masʼullari, hududiy boshqarmalar hamda tizim tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbirda taʼkidlanganidek, joriy yilning 20-iyunidan boshlanadigan umumtaʼlim maktablarining 1-sinfiga qabul jarayonlarini joylarda tizimli tashkil etish, bu borada ota-onalarning murojaatlarini oʻz vaqtida oʻrganish hamda tegishli choralar koʻrish boʻyicha zarur ishlar olib borilmoqda.
Masʼullarga joriy yilda 1-sinfga qabul jarayonlari onlayn va odatiy tartibda amalga oshiriladigan tuman (shahar)lar, hududlarda tashkil etilgan shtablar hamda Ishonch telefonlari faoliyati haqida ota-onalarni imkon qadar kengroq tanishtirish, har bir murojaatni atroflicha oʻrganib chiqqan holda fuqarolarga zarur tushuntirish ishlarini olib borish boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi.
Yigʻilishda tuman (shahar)lardagi 220 ta umumtaʼlim maktabida tashkil etilayotgan “Muxlislar maydoni” faoliyatini yanada faol yoʻlga qoʻyish, buning uchun har bir maktabning zarur talablarga mosligini yana bir bor oʻrganib chiqish boʻyicha qator masalalar muhokama qilindi.
Tanlab olingan mazkur maktablarni mahalliy hokimlik bilan hamkorlikda futbol tomoshalari uchun zarur texnik vositalar bilan taʼminlash, tegishli vazirlik va tashkilotlar ishtirokida xavfsizlik choralarini tashkil etish boʻyicha muhim vazifalar belgilab olindi.
Shundan soʻng hududlarda soha faoliyati targʻiboti boʻyicha olib borilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirish boʻyicha navbatdagi qator vazifalar muhokama qilindi.
Xususan, jamoatchilik bilan muloqot darajasini kengaytirish, ijtimoiy tarmoqlarda koʻp muhokama qilinayotgan joylardagi muammolarni aniqlash va ularni hal etishda tizimdagi barcha boʻgʻin masʼullarining hamkorligini kuchaytirish, tizimda axborot tarqatish samaradorligi va ommaviyligini oshirish boʻyicha qator vazifalar belgilab olindi.
Tadbir soʻnggida vazirlik masʼullari va hududiy boshqarma boshliqlarining kun tartibidagi mavzularga oid hisobotlari tinglandi.



