Yangi oʻquv yilida bolalarni 1-sinfga qabul qilish jarayonlariga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi

Bugun Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Eʼzoza Karimova boshchiligida joylardagi Direktorlar kengashi faoliyatini yanada takomillashtirish, taʼlim tashkilotlari rahbar kadrlari salohiyatini oshirish hamda yangi oʻquv yilida bolalarni 1-sinfga qabul qilish jarayonlariga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
➖ Unda vazir oʻrinbosarlari, vazirlik masʼullari, hududiy boshqarmalar, tizim tashkilotlari rahbarlari hamda Direktorlar kengashi aʼzolari ishtirok etdi.
Yigʻilishda umumtaʼlim maktablari hamda davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini yuqori malakali, zamonaviy boshqaruv koʻnikmalariga ega rahbar kadrlar bilan taʼminlashga doir tahliliy maʼlumotlar masʼullar ishtirokida koʻrib chiqildi.
➖ Qayd etilganidek, menejerlik kurslarida hozirga qadar 5 200 nafarga yaqin direktorlik lavozimi uchun nomzodlar qatnashgan. Hududiy boʻlinmalar rahbarlariga umumtaʼlim maktablari direktorligi vakant lavozimlariga joylardagi Direktorlar kengashi tavsiyasi asosida munosib nomzodlarni tayinlash boʻyicha muhim koʻrsatmalar berib oʻtildi.
Yigʻilishda yangi oʻquv yilida bolalarni 1-sinfga qabul qilish jarayonlari ham har bir hudud misolida tahlil qilindi.
Masʼullarga maktab yoshidagi bolalarni maktabga qabul qilish ishlarini tizimli tashkil etish hamda taʼlim muassasalarini zarur darsliklar bilan taʼminlash boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Tadbir soʻnggida vazirlik masʼullari va hududiy boshqarma boshliqlarining kun tartibidagi mavzularga oid hisobotlari tinglandi.



