O‘zbek tilini sifatli o‘qitish yuzasidan seminar-trening tashkil etildi

Bugun poytaxtimizda “Maktabgacha va maktab ta’limida o‘zbek tilini sifatli o‘qitish: zamonaviy metodika va innovatsion yondashuvlar” mavzusida respublika o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi.
Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi hamda Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan tashkil etilgan tadbirda turli hududlaridan jami 180 nafar pedagoglar ishtirok etishdi.
Seminarning ochilish marosimida Prezident Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari bo‘linmasining loyiha koordinatori Yuliya Risyukova, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov ishtirok etdi.
Unda umumta’lim maktablari hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘zbek tilini o‘qitish sifatini oshirish, davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Seminar davomida umumiy o‘rta ta’lim maktablari pedagoglari uchun o‘zbek tilini o‘qitishning zamonaviy usullari, muloqotga yo‘naltirilgan ta’lim, amaliy topshiriqlar asosida o‘qitish, darslarni rejalashtirish va baholash usullari bo‘yicha mashg‘ulotlar tashkil etiladi.
➖ Mashg‘ulotlarda pedagoglar o‘quv materiallarini tahlil qilish, o‘quvchilarning nutqiy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan topshiriqlar ishlab chiqish, amaliy mashqlar va muloqotga asoslangan yondashuvlardan foydalanish bo‘yicha tajriba almashish rejalashtirilgan.



