Bugun Toshkentda O‘zA va TASS axborot agentliklari tomonidan tashkil etilgan III O‘zbekiston–Rossiya mediaforumi o‘z ishini boshladi

Tadbirda ikki mamlakat Prezidentlari Administratsiyalarining yuqori martabali vakillari, yetakchi ommaviy axborot vositalari rahbarlari, jurnalistlar, ekspertlar hamda media hamjamiyatlari vakillari ishtirok etmoqda.
Forumning ochilishidagi nutqimda Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putinning o‘zaro ishonch va do‘stlikka asoslangan muntazam muloqoti mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik, jumladan, media va kommunikatsiyalar sohasidagi aloqalar rivojiga kuchli sur’at bag‘ishlayotganini ta’kidladim.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston axborot makonida keng ko‘lamli o‘zgarishlar amalga oshirildi. Bugungi kunda mamlakatimizdagi ommaviy axborot vositalarining 67 foizi nodavlat sektorga to‘g‘ri keladi, internetdan foydalanish darajasi 94 foizga yetdi. Raqamli kontent ishlab chiqarish ko‘lami kengaymoqda, Markaziy Osiyoda birinchi milliy mediabank ishga tushirildi.
Shu bilan birga, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanishi professional media hamjamiyati oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Axborotning ishonchliligini ta’minlash, jurnalistlarning mas’uliyatini oshirish, feyklar va dezinformatsiyaga qarshi kurashish tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Axborot xurujlari va yolg‘on xabarlar mamlakatlarimiz hamda xalqlarimiz o‘rtasida ishonchsizlik va kelishmovchiliklarga sabab bo‘lmasligi kerak. Aksincha, so‘z va axborot o‘zaro anglashuv, hurmat va do‘stona aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishi zarur.
Kelgusidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari qatorida qo‘shma ta’lim dasturlari va stajirovkalarni tashkil etish, faktcheking sohasidagi hamkorlik, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, ikki mamlakat tahririyatlari o‘rtasidagi bevosita aloqalarni mustahkamlash alohida o‘rin tutadi.
Ishonchim komil, forum yangi g‘oyalar, amaliy tashabbuslar va qo‘shma medialoyihalarni ilgari surish uchun muhim muloqot maydoniga aylanadi.



