"Xususiy maktab o‘qituvchilari bilan teng maosh olyapman"

O‘tib borayotgan 2022 yil kasbiy faoliyatimda va hayotimda juda katta iz qoldirdi, desam yanglishmayman. O‘quvchilarim shahar miqyosidagi tanlovlarda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.
Yil davomida Respublika seminarlarida ishtirok etdim. Tuman va shahar miqyosida "Ustozlar forumi"da trenerlik qildim. O‘zbekistonda barkamollik uchun ta’lim dasturi”loyihasi doirasida darsliklar yaratdik. Shu bilan birga trenerlik faoliyatimni ham davom ettirib, ko‘pgina mahorat darslarini shahar va Respublika miqyosida o‘tkazganimni katta yutug‘im, deb hisoblayman. Oddiy maktab o‘qituvchisi uchun bu katta baxt!
25 yillik stajim bo‘lsa-da, magistraturada o‘qish orzuim edi va men bunga erishdim. Magistrlik diplomimni 5 ball bilan himoya qildim.
Magistraturani tamomlaganimni eshitgach, universitetda dars berishga, tumandagi maktablardan biriga rahbarlikka tavsiya qilishdi. Xususiy maktablarga ishga takliflar bo‘ldi. Lekin maktabimni, o‘quvchilarimni (bitiruvchi sinf 4-sinf bo‘lganigami) hech ham ko‘zim qiymadi. Allohga shukr qilsangiz barchasini barokatli qilib berar ekan, Vazirlar Mahkamasining dars taqsimoti mezonlari asosida darslarimni rahbariyatimiz 1 stavkadan oshiq qilib berishdi, yana Direktor jamg‘armasi tomonidan beriladigan ustamada maktab monitoringi, tuman monitoringidan arizam ko‘rib chiqilib, 40 foizlik ustamaga loyiq deb topildim. Xususiy maktab o‘qituvchilari bilan teng maosh olyapman. Bu albatta, mehnatlarim samarasi va maktab rahbariyatining menga bo‘lgan ishonchi, deb hisoblayman.
Dilnoza BAYNAZAROVA, Toshkent shahri, Yunusobod tumanidagi 302-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi